“Oʻzbekistonning eng yaxshi 100 nafar talaba yetakchisi” almanaxi ishtirokchilari uchun Tyumendagi yozgi universitet
2022 yil 10-24 iyul kunlari Tyumen shahrida almanax qahramonlari Tyumen davlat universitetining “Yozgi universitet” dasturida faol ishtirok etishdi.
“Ziyo forum” ilm-fan va taʼlim-tarbiyani rivojlantirish jamgʻarmasi “Consult Invest ITIC” kompaniyasi bilan hamkorlikda 25 nafar talabaga Tyumenga sayohat qilib, ijtimoiy loyihalar, tadbirkorlik va xalqaro huquq boʻyicha turli treninglardan oʻtish imkoniyatini yaratdi.
Dastur davomida talabalar jamoaviy ruhni mustahkamlash uchun interaktiv tadbirlarda ishtirok etdilar, Ted Talk formatida qiziqarli maʼruzalar tingladilar, ijtimoiy loyihalarni qanday va nima uchun yaratishni oʻrgandilar.
Ishtirokchilar uchun taʼlim dasturidan tashqari Tyumendagi tarixiy joylarga ekskursiyalar tashkil etildi. Oʻz navbatida, oʻzbekistonlik talabalar “Milliy madaniyatlar kechasi”da mamlakatimizni namoyish etish va madaniyatimiz haqida suhbat qurish imkoniga ega boʻldilar.
Shuningdek, dastur ishtirokchilari yozgi universitetda talabalar istiqomat qilgan shahar chekkasidagi “Красная гвоздика“ (“Qizil chinnigullar”) salomatlik va reabilitatsiya markazi hududidagi sport zali va suzish havzasida sport bilan shugʻullanish imkoniyatiga ega boʻldilar.
Dastur natijasida ishtirokchilar oʻz netvorkini kengaytirdilar, yangi bilimlarga ega boʻldilar, shuningdek, boshqa mamlakatlar madaniyati va qadriyatlari bilan tanishdilar.